Senat to‘lov tizimlarida xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunini ma’qulladi
Yangi qonun to‘lov tizimlarida firibgarlikka qarshi mexanizmlarni kuchaytirish, biometrik identifikatsiyani joriy etish va litsenziyalashni soddalashtirishni nazarda tutadi.
© Олий Мажлис СенатиO‘zbekiston Senati to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Antifrod tizimlarini joriy etish
Yalpi majlisda bank kartalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan o‘g‘rilik va moliyaviy firibgarlik holatlarini kamaytirish dolzarb masala sifatida ko‘tarildi. Shu munosabat bilan zamonaviy himoya mexanizmlari va antifrod tizimlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zgartirish kiritilgan qonunlar
Qonunga muvofiq, bir qator asosiy me’yoriy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlar takomillashtiriladi.
Ushbu o‘zgartishlar orqali to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini aniq tartibga solish, biometrik identifikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish ko‘zda tutilgan.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, mazkur qonun to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni oshirish, moliyaviy firibgarliklarning oldini olish va iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Senatorlar fikricha, yangi tartib-taomillar raqobat muhitini yaxshilash, litsenziyalash yukini kamaytirish va banklar hamda moliyaviy tashkilotlarning bozordagi faolligini oshirishga turtki beradi.





