add

Senator ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari keskin oshganini ma’lum qildi

12.08.2025 | 20:2041103

Oliy Majlis Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxanova Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova nomiga senator so‘rovi yo‘lladi.

Senator ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari keskin oshganini ma’lum qildi
So‘rovda mamlakatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot so‘ralgan. Senator ta’kidlashicha, qonunlar va choralar qabul qilinganiga qaramay, so‘nggi yillarda bunday holatlar keskin oshmoqda. 2025 yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha 48 303 ta tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 121 foizga ko‘pdir. Eng ko‘p holatlar Toshkent viloyati (9 414 ta), Buxoro (5 612 ta), Qashqadaryo (5 268 ta) va Andijon (4 808 ta) viloyatlarida kuzatilgan. Shu davrda 930 nafar ayolga takroriy himoya orderlari berilgan. Senator qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan zo‘ravonlikka olib keluvchi sabablarni aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish, vakolatli organlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va mahallalarda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka muruvvatsiz muhit yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida asosli tushuntirish berishni talab qildi. Eslatib o‘tamiz, kecha ham senator Malika Qodirxanova Milliy teleradiokompaniya raisi Abdurashid Juraboyevga jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun radiotarmoq ob’ektlarida xavfsiz va qulay mehnat muhitini ta’minlash zarurligi qayd etilgan senator so‘rovi yo‘llagan edi.

Teglar

Mavzuga oid