add

Senator Toshkent hokimidan «Eski Toshturma» hududidagi farmoyish ijrosini so‘radi

06.10.2025 | 12:4016423

Hukumat farmoyishiga ko‘ra, «Eski Toshturma» hududida zamonaviy xiyobon qurilishi kerak edi. Ammo oradan yetti yil o‘tgan bo‘lsada, amalga oshirilmagani uchun senator Toshkent hokimiga rasmiy so‘rov yo‘lladi.

Senator Toshkent hokimidan «Eski Toshturma» hududidagi farmoyish ijrosini so‘radi
Eski Toshturma o‘rniga xiyobon qurilishiga oid Hukumat farmoyishi bajarilmagani yuzasidan senator Sayyora Abdikarimova Toshkent hokimi Umurzoqovga so‘rov yo‘lladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 martdagi 220-f-sonli farmoyishiga asosan, Toshkent shahar Yunusobod tumani, Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi — «Eski Toshturma» hududi shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan edi. Hujjatga muvofiq, bu yerda zamonaviy dam olish maskani — xiyobon qurish vazifasi belgilangan. Biroq ortidan yetti yil o‘tishiga qaramay, farmoyishda ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlanmagan. Hozirda hudud qarovsiz holatda qolgani, ayrim xususiy qurilish kompaniyalari esa yer maydonidan shaxsiy manfaatlarda foydalanishga urinayotgani aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan Senatning Agrosanoat, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomiga rasmiy so‘rov yo‘lladi. Unda senator hokimdan hududning hozirgi ahvoli, farmoyish ijrosining kechikishi sabablari va xiyobon qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida asosli ma’lumot taqdim etishni so‘ragan. Masala yuzasidan Senat tomonidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi kutilmoqda. Obodonlashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashni ko‘zda tutadigan mazkur loyiha amalga oshirilsa, Yunusobod aholisi uchun yangi dam olish maskani paydo bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

Senator Toshkent hokimidan «Eski Toshturma» hududidagi farmoyish ijrosini so‘radi | Vaqt.uz