
Senatorlar hayvonlarni hisobga olish to‘g‘risidagi qonunni tasdiqladi
30.05.2025 | 20:404313
O‘zbekistonda hayvonlarni hisobga olish, ro‘yxatdan o‘tkazish va kuzatib borish ishlarini huquqiy tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Qonun orqali sohaga oid barcha jarayonlar yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Yuqori palata matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur hujjat bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakolatli organ sifatida belgilandi. U ro‘yxatga olish, kuzatish va hisobdan chiqarish ishlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Qonunga muvofiq, vakolatli organ xodimlari va hayvon egalarining huquq hamda majburiyatlari belgilab qo‘yildi. Hayvonlarni hisobga olish ishlari qanday muddatda va qanday talablar asosida amalga oshirilishi aniqlashtirildi.
Yangi tartiblarga ko‘ra, hayvonlarni kuzatish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha texnik hamda tashkiliy vazifalarni «Hayvonlarni identifikatsiya qilish markazi» amalga oshiradi. Shuningdek, elektron ma’lumotlar real vaqtda almashinib boriladi.
Qonun ijrosi natijasida hayvonlar, ularning zot xususiyatlari va salomatligi to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Ular harakati (migratsiyasi) va himoyasi uchun qoidalar joriy etiladi. Shuningdek, xavfli kasalliklarga qarshi muntazam emlash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq, Toshkent viloyatida yo‘lbars va yettita piton boqqani aniqlangan shaxs haqida xabar berilgandi.





