add

Sentyabr oyida O‘zbekistonda elektromobillar savdosi keskin oshdi

23.10.2025 | 15:301651

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida mamlakatda 7,8 mingta elektromobil sotilib, bu avgustga nisbatan 21,6 foizga ko‘pdir.

Sentyabr oyida O‘zbekistonda elektromobillar savdosi keskin oshdi

O‘zbekistonning avtomobil bozorida sentyabr oyida faollik tiklandi, ayniqsa elektromobillar segmentida savdo hajmi keskin oshgani qayd etildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, bir oy ichida mamlakatda 7,8 mingta elektromobil sotilgan. Bu avgust oyiga nisbatan 21,6 foizlik o‘sishni anglatadi hamda bugungacha kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu bilan birga, joriy yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sotilgan yengil elektromobillar soni 20,7 ming donani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobar ko‘p. Eng yuqori o‘sish Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan.

Boshqa tomondan, sentyabr oyida umumiy yengil avtomobil bozorida faollik bir oz pasaydi. Yilning to‘qqizinchi oyida jami 84,6 mingta yengil avtomobil sotilib, avgustga nisbatan 6,4 foizga kamaydi. Eng katta pasayish Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida kuzatilgan.

Birlamchi bozorda ham mavsumiy pasayish sezildi: yangi yengil avtomobillar savdosi 31,9 ming donani tashkil etib, 15,2 foizga kamaygan. Ulardan 27,4 mingtasi mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar bo‘lib, bu ko‘rsatkich ham 16,1 foizga qisqargan.

Ekspertlar ta’kidlashicha, elektromobillar segmentidagi o‘sish aholi orasida ekologik toza transport vositalariga qiziqish ortishi va davlatning imtiyozli siyosati bilan izohlanadi.

Teglar

Mavzuga oid