add

Sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi narxi oshdi — ITIM

22.10.2025 | 14:001621

Sentyabr oyida poytaxtda uy-joy ijarasi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 8,5 dollargacha ko‘tarildi, ayniqsa Mirabod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida eng yuqori o‘sish kuzatilgan.

Sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi narxi  oshdi — ITIM

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil sentyabr oyi yakuniga kelib, O‘zbekistonning ko‘chmas mulk bozorida barqaror o‘sish tendensiyasi saqlanib qoldi. Respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni sentyabr oyining o‘zida 24,2 mingtani tashkil etdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,7 foizga ko‘pdir.

Eng yuqori yillik o‘sish Sirdaryo (+35,6 foiz), Buxoro (+20,2 foiz) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (+31,2 foiz) qayd etilgan. Joriy yilning uchinchi choragida mamlakat bo‘ylab 75,5 mingta uy-joy bitimi rasmiylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga, ikkinchi chorakka nisbatan esa 11 foizga ko‘p.

Ikkilamchi bozorda sentyabr oyida uy-joy narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshgan bo‘lsa, yillik hisobda 4,6 foiz o‘sish kuzatildi. Eng katta o‘sish Surxondaryo (+19 foiz), Sirdaryo (+15,8 foiz) va Jizzax (+14,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Toshkentda ikkilamchi bozor narxlari oylikda 0,6 foizga oshgan, ammo o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foizga pasaygan.

Birlamchi bozorda esa narxlar o‘rtacha 3 foizga o‘sgan. Eng katta o‘sish Mirabod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, o‘sish 5,8 foizga yetdi.

Poytaxtda sentyabr oyida uy-joy ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng qimmat ijaralar Mirabod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ijara baholari 1,4 foizga oshgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish Yunusobod, Olmazor va Mirabod tumanlarida (o‘rtacha 4,4 foiz) qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid