add

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi

28.10.2025 | 10:253851

Тошкентда икки давлат раҳбарлари ўртасида олий даражадаги музокаралар бўлиб ўтади. Вучич, шунингдек, Самарқанддаги UNESCO конференциясида фахрий меҳмон сифатида иштирок этади.

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi

28 oktyabr kuni Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi hamrohligida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu tashrif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.

Oliy martabali mehmonlarni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va bir qator rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga ko‘ra, Toshkent shahrida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida Aleksandr Vuchich mehmon sifatida Samarqand shahrida 29 oktyabr kuni boshlanadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ham ishtirok etadi. Ushbu xalqaro anjumanda turli mamlakatlardan nufuzli delegatsiyalar qatnashishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, kecha, 27 oktyabr kuni Momchilo Babich Serbiyaning O‘zbekistondagi to‘liq vakolatli yangi elchisi etib tayinlangan edi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov unga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi | Vaqt.uz