
Serjio Gor AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashiga hamrais etib tayinlandi
Kengashda O‘zbekiston tomonidan rahbarlikni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva amalga oshiradi.

AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili, elchi Serjio Gor yangi tashkil etilgan AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraisi etib tayinlanganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bu qadam Vashingtonning mintaqada «Amerika birinchi» tamoyiliga asoslangan iqtisodiy dasturini ilgari surish va amerikalik ishchilar hamda biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kengashda AQSH tomonidan rahbarlikni Serjio Gor, O‘zbekiston tomonidan esa Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva amalga oshiradi. Go‘rning aytishicha, bu yo‘nalishdagi faoliyat Prezident Donald Trampning Amerika iqtisodiy yetakchiligini mustahkamlash, AQSH kompaniyalari uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish va tashqi hamkorlik orqali amerikaliklar manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosati bilan uyg‘un.
Yangi kengash ikki davlat o‘rtasida investitsiya va eksport imkoniyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, AQSH texnologiyalari, IT sektori va raqamli innovatsiyalar uchun O‘zbekistondagi o‘sib borayotgan bozor imkoniyatlariga e’tibor kuchaytirilishi aytilmoqda. Shu bilan birga, amerikalik eksportchilar uchun teng raqobat muhitini shakllantirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.





