
«Sevimli TV» telekanali mualliflik huquqini buzgani uchun jarimaga tortildi
03.07.2025 | 17:207472
«Sevimli TV» telekanali mualliflik huquqini buzgani sababli sud qaroriga asosan jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Adliya vazirligi tekshiruviga ko‘ra, muallif Rahmatjon Xudoyberdiyevga tegishli bir qator musiqiy asarlar «Sevimli TV» telekanali tomonidan bir necha telenovellalarda muallifning roziligisiz va tegishli shartnoma tuzmasdan qo‘llanilgan. Shuningdek, ushbu asarlar «Splay» va «YouTube» platformalari orqali keng jamoatchilikka yetkazilgani aniqlangan.
Vaziyat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi asosida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan. Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan Ozbekiston Respublikasi MJTKning 177¹-moddasi birinchi qismi bo‘yicha jarima jazosi tayinlangan.
Adliya vazirligi teleradiokanallar va boshqa foydalanuvchilardan mualliflik va turdosh huquqlarga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoldi. Qonunchilikka muvofiq, muallif huquqbuzardan yetkazilgan zarar o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha to‘lov talab qilish huquqiga ega.





