
«Shaharsozlik renovatsiyasi»da mulkdorlar bilan hisoblashiladimi?
05.08.2025 | 13:3019883
«Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi eski va avariya holatidagi binolarni zamonaviy, qulay va energiya samarador ob’ektlarga almashtirish, mulkdorlar huquqlarini to‘liq himoya qilish hamda renovatsiya jarayonining ochiqligini ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Qonun loyihasi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq eskirgan, foydalanishga yaroqsiz yoki avariya holatiga kelgan binolarni yangilash, ularni qulay va energiya samarador holatga keltirish, me’moriy, ijtimoiy va ekologik muhitni yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgan. Hujjatda renovatsiyaning asosiy prinsiplari, bosqichlari, amalga oshirish tartibi hamda davlat boshqaruvi asoslari belgilanmoqda.
Deputatlar qayd etganidek, mamlakatda har yili 145 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud, ammo 2019–2023 yillarda o‘rtacha 60 mingta, 2024 yilda esa 100 mingta turar joy qurilgan. Ehtiyojni qondirish uchun qo‘shimcha yer resurslari talab qilinadi.
Qonun loyihasida renovatsiya faqat mulkdorlar roziligi bilan amalga oshirilishi, ya’ni barcha huquq egalari bilan notarial kelishuv imzolanishi shartligi mustahkamlanmoqda. Hech kim sud qarori va qonunga zid holatlarsiz uy-joyidan mahrum etilmasligi, xususiy mulk daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.
Mulkdorlarga adolatli kompensatsiya berish tizimi nazarda tutilgan — ya’ni renovatsiya zonasida yoki boshqa joydan yangi uy-joy yoki noturar joy berish, bozor qiymatida pul to‘lash yoki kelishuvga muvofiq boshqa shaklda qoplash mumkin. Yangi uy-joyning maydoni eski uydan kam bo‘lmasligi va yashashga tayyor holda topshirilishi shart.
Renovatsiya loyihalari ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar va «Shaharsozlik renovatsiyasi» elektron platformasida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shart. Shuningdek, ular hududiy xalq deputatlari kengashlariga kiritiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi. Ikkinchi o‘qishda deputatlar taklif va e’tirozlari asosida yana takomillashtirilishi rejalashtirilmoqda.





