
Shahnoza Mirziyoyeva: «zo‘ravonlikni «tasodif» deb baholash mumkin emas»
24.07.2025 | 10:0036013
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikni «tasodif» deb qabul qilib bo‘lmaydi — bu doim kattalarning ongli tanlovidir va uni to‘xtatish ham ongli qaror bo‘lishi kerak.

Mirziyoyeva Instagram sahifasida yozganidek, bola himoyasi uning ilk nafasidan boshlab, mutlaq va kafolatli bo‘lishi lozim. Bunda hech qanday shart-sharoitlar, bahonalar yoki yengillashtiruvchi holatlar bo‘lmasligi kerak.
Ayni paytda Ijtimoiy himoya agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida bir qator tizimli islohotlarni boshladi. Jumladan, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan chiqilgan. Bu o‘zgartirishlar bolalarga zo‘ravonlik qilganlarga nisbatan eng og‘ir jazolarni qo‘llash imkonini beradi.
Bu tashabbus doirasida Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh tuzildi. Ushbu guruh jazo choralarini kuchaytirish, bolalar bilan ishlash huquqini umrbod cheklash va javobgarlikni ta’minlovchi yagona protokollarni joriy etish ustidan ish boshladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil davomida O‘zbekistonda bolalarga nisbatan 2,4 mingdan ortiq zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Ular orasida:
412 ta holat — jinsiy,
1 028 ta — jismoniy,
929 ta — psixologik bosim,
14 ta — ekspluatatsiya holati
106 ta — kattalarning befarqligi bilan bog‘liq bo‘lgan.





