add

Shavkat Mirziyoyev: 2025-yil ulkan natijalar va ishonch yili bo‘ldi

Kecha 23:593 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi yil munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabriklab, 2025-yil iqtisodiy o‘sish va keng ko‘lamli islohotlar yili bo‘lganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev: 2025-yil ulkan natijalar va ishonch yili bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston halqini yangi yil bilan tabrikladi. Tabrik O‘zbekistonning barcha telekannalarida e’lon qilindi.

Prezident 2025-yil mustahkam ishonch va ulkan natijalar yili bo‘lgani, O‘zbekiston YAIM hajmi ilk bor 145 mlrd AQSH dollaridan oshganini e’tirof etdi.

Odamlarning baxtli va farovon sog‘lom hayot kechirishlari, yoshlarimizning bilim olishlari vport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishinini aytdi.

Prezident yangi yilda minglab mahallalarning infratuzilmasini yangilab, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kirilishini aytdi.

«Yangi 2026-yilda ham barcha islohotlarimiz, sa’y-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes ravnaqqa erishishiga qaratiladi», dedi Prezident.

Tabrikning to‘liq matni Prezidentning rasmiy saytida e’lon qilindi.

«Qadrli vatandoshlarim!

Siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni kirib kelayotgan yangi 2026 yil bilan chin yurakdan muborakbod etaman.

O‘tib borayotgan yil xalqimiz hayotida katta o‘zgarishlar, ertangi kunga mustahkam ishonch va ulkan natijalar yili bo‘ldi.

Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, biz o‘z oldimizga qo‘ygan barcha maqsad va marralarga erishdik. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshdi va mamlakatimiz o‘rta daromadli davlatlar qatoridagi o‘rnini mustahkamladi.

Iqtisodiy o‘sish samarasi odamlarimiz hayotida, oilalar daromadida, mahallalar qiyofasida, yoshlarimizning kelajakka bo‘lgan ishonchida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

O‘tayotgan yilda har bir oila, har bir xonadonda xursandchiliklar, baxtli onlar ko‘p bo‘ldi.

Yangi uyga ko‘chib kirgan, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yoki kengaytirgan, daromadi oshgan, ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalarda o‘zi yoki farzandlarining yutuqlaridan quvongan millionlab oilalarning shodligi 2026 yildagi maqsadlarimizga erishish yo‘lida bizga albatta katta kuch beradi.

Aziz yurtdoshlarim!

Biz kelgusi yilda ham har bir oilaning baxtli, farovon va sog‘lom hayot kechirishi, yoshlarimizning sifatli ta’lim olishlari, kelajak kasblarini egallashlari va sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ishga solamiz!

Biz 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildik.

Yangi yilda minglab mahallalar infratuzilmasini yaxshilab, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kiramiz.

Barcha iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazamiz. Xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish ishlarini yanada jadallashtiramiz.

Aholining yordamga muhtoj qatlamlari, muhtaram keksalarimiz, qadrli xotin-qizlar va navqiron yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashni kengaytiramiz.

Ekologiyani yaxshilash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ta’sirchan choralarni davom ettiramiz.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi 2026 yilda ham barcha islohotlarimiz, sa’y-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratiladi.

Tajribali mahalla raislari va faollari, ziyolilar, tadbirkorlarimiz, serg‘ayrat yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz, har bir vatandoshimiz ushbu olijanob ishlarga munosib hissa qo‘shadi deb ishonaman!

Aziz vatandoshlarim!

Yangi yil arafasida har bir oila yaxshi niyatlar qiladi, har bir inson qalbida yorqin orzu-umidlar jo‘sh uradi.

Har birimizning pok niyatlarimiz, ezgu maqsadlarimiz 2026 yilda albatta amalga oshsin!

Yangi yil har bir oilaga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qut-baraka, yurtimizga yuksak taraqqiyot, tinchlik-xotirjamlik olib kelsin!

Yaratgan Parvardigor Vatanimizni asrasin, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash yo‘lidagi ishlarimizda madadkor bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin, azizlarim!»

Teglar

Mavzuga oid