add

Shavkat Mirziyoyev: «2026 yil – Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi»

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ta’lim sohasi xodimlari bilan muloqotda 2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev: «2026 yil – Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi»
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yoshlar zamon bilan hamnafas, kelajakka tayyor va zamonaviy bilimlar bilan qurollangan mutaxassislar sifatida tarbiyalanishi lozim. «Kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki», – dedi u. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga har yili 30–35 milliard dollar investitsiya kirib kelmoqda, minglab yangi korxonalar ishga tushmoqda. Bu jarayonlar natijasida yiliga 250–300 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratilmoqda. Prezident bu imkoniyatlar avvalo yoshlar uchun ish joyi ekanini ta’kidlab, ular zamonaviy texnologiya va xorijiy tillarni bilishi, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – mamlakatdagi 598 ta texnikum faoliyatiga yangi muhit olib kirish, ta’lim jarayonida xalqaro standartlarni joriy etishdan iborat. 8 sentyabrdagi Prezident qarori bilan agentlikka oid nizom tasdiqlandi. Unda ta’lim sifatiga mas’ul milliy agentlikning maqomi, vazifa va funksiyalari, vakolatlari hamda faoliyat tartibi belgilab berilgan. Bitiruvchilar maktab imtihon natijalari bilan oliygohga kira oladi Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi xodimlari bilan muloqotda maktab ta’limida yangi tizim joriy etilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari o‘tkaziladi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, xalq kelajagi maktabdan boshlanadi. Shu bois, bitiruvchilarning yakuniy imtihon natijalari ularning keyingi yo‘nalishini belgilaydi: 9-sinfdan keyin 400 mingga yaqin o‘quvchi texnikumlarga yo‘naltiriladi, oliygohga kirish istagidagi yoshlar esa tanlangan fanlarni chuqurlashtirib o‘qishi mumkin. Yangi tizim orqali o‘quvchilar maktab bitiruv imtihoni, oliygohga kirish va fanlar bo‘yicha sertifikat imtihonlarini alohida topshirmaydi. Barcha jarayon yagona davlat imtihoniga birlashtiriladi. Bu ortiqcha murakkabliklarni kamaytiradi. Shuningdek, xorijiy til va fanlar bo‘yicha olingan xalqaro sertifikatlar maktab yakuniy imtihonlarida ham tan olinadi. Agar 2016 yilgacha bor-yo‘g‘i 2 ming o‘quvchi xalqaro sertifikat olgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 150 mingga yetdi. Prezident qaroriga muvofiq, maktablarda maslaxatchi lavozimi joriy etilmoqda. Ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning qobiliyatini baholaydi va yo‘nalish tanlashga ko‘maklashadi. Shu orqali texnikumga o‘tgan o‘quvchilarning maktabga qaytishi yoki 11-sinfdan keyin oliygohga kirolmagan yoshlarni qisqa muddatli dasturlar orqali kasbga yo‘naltirish imkoni yaratiladi.

Teglar

Mavzuga oid