
Shavkat Mirziyoyev C5+1 sammitining keyingisini Samarqandda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi
Prezident Sh.Mirziyoyev Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammitida Trampning sakkizta harbiy mojaroni to‘xtatishdagi hissasini e’tirof etdi va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga doir muhim takliflar kiritdi.

Vashingtonda o‘tkazilgan C5+1 formatidagi yuqori darajadagi sammitda ishtirok etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampni «tinchlik prezidenti.” deb atadi. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, AQSH rahbari dunyo bo‘ylab sakkizta harbiy mojaroni to‘xtatishga hissa qo‘shgan va bu O‘zbekistonda yuqori baholanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda qator muhim tashabbuslar bilan chiqdi, deb xabar bermoqda jurnalist Aziza Qurbonova Oq uydan.

Birinchi taklif — C5+1 formati doirasida doimiy kotibiyat tashkil etish va uni Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida navbat bilan boshqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi.
Ikkinchi tashabbus — investitsiyalar va savdo sohasida muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, shu orqali davlat idoralari va xususiy sektor o‘rtasida tizimli muloqotni kuchaytirish masalasi ko‘ndalang qo‘yildi.
Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya sherikligini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu borada 2020 yildagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari AQSH bilan aloqa, energetika va transport yo‘laklarini rivojlantirish, xususan, Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘laydigan loyihalarda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. U qayd etgan uch yillik dastur 34 mlrd dollarlik investitsiya loyihalarini o‘z ichiga oladi.
Shavkat Mirziyoyev sammit yakunlarini yuqori baholar ekan, uni tarixiy deb atadi. Shu bilan birga, u 2026 yilda navbatdagi C5+1 sammitini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.













