
Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni 73 yoshi bilan qutladi
05.10.2025 | 16:2523383
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 1952 yil 5 oktyabr kuni Tojikistonning Dang‘ara tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 oktyabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, Tojikiston xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tilagan. Davlat rahbari Tojikiston Prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi o‘rnini qayd etib, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidlagan.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon 1952 yil 5 oktyabrda Tojikistonning Dang‘ara tumanida tug‘ilgan. Bugun u 73 yoshga to‘ldi.





