
Shavkat Mirziyoyev Pokiston generalini qabul qildi
19.08.2025 | 21:5020782
Uchrashuvda strategik hamkorlik, xavfsizlik, harbiy sohadagi munosabatlar va transafg‘on temiryo‘li loyihasi muhokama etildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 avgust kuni Pokiston Islom Respublikasi Shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Sahir Shamshod Mirzo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
General O‘zbekiston rahbariga Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Pokiston bosh vazirining joriy yilning fevral oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Harbiy va harbiy-texnik sohalarda, xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha imzolangan uch tomonlama bitimni tez fursatda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.





