
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda Si Jinping bilan uchrashadi
16.06.2025 | 21:1549163
Ertaga O‘zbekiston yetakchisi qozog‘istonlik hamkasbi taklifiga binoan Ostona shahriga boradi. U yerda Mirziyoyev XXR raisi bilan ham ko‘rishadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun 17 iyun kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tadbirda mintaqa davlatlari rahbarlari va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping ishtirok etadi.
«Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Yakunda qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan”, - deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, sammit doirasida O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisi bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, bu formatdagi birinchi sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2023 yil may oyida Xitoyning Cian shahrida bo‘lib o‘tgan edi.





