
Shavkat Mirziyoyev Toshkent yaqinida O‘zbekiston-Vengriya maxsus sanoat zonasini tashkil etishni ma’qulladi
02.08.2025 | 11:156273
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida investorlar uchun alohida shart-sharoitlarga ega «O‘zbekiston - Vengriya» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Prezidenti imzolagan qaror 10 yilgacha bo‘lgan muddatga soliq imtiyozlarini, kafolatlangan infratuzilma ta’minotini hamda investorlarni joylashtirish masalasida boshqaruvchi kompaniyaga mustaqillik berishni nazarda tutadi.
Ma’lum bo‘lishicha, loyiha bo‘yicha asosiy hamkor – Vengriyaning «Inpark» kompaniyasi hisoblanadi. Tomonlar o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangan. Loyihaning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun bosh vazir raisligida ma’muriy kengash tuzilgan. U hududning muhandislik, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini qurish loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlashi belgilangan.
Loyiha doirasida farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi qo‘shma korxonalar tashkil etilishi hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston–Vengriya maxsus sanoat zonasi O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning flagmani bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekistonning ochiq investitsiya siyosati va barqaror biznes muhiti yaratishga tayyorligini namoyon etishi kutilmoqda», deya ta’kidlagan vazirlik.





