add

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar sammitida ishtirok etish uchun Ozarboyjonga boradi

05.10.2025 | 18:5035483

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6–7 oktyabr kunlari Ozarboyjonning Gabala shahrida o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida qatnashadi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar sammitida ishtirok etish uchun Ozarboyjonga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6–7 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Ozarboyjonda bo‘ladi. Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi. Sammit Ozarboyjonning Gabala shahrida «Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik» mavzusida bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilish kun tartibida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama etiladi. Sammit doirasida siyosat, savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, davlat va hukumat rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari bo‘yicha fikr almashadilar. Prezident Mirziyoyevning mazkur sammitdagi ishtiroki Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va integratsiya jarayonlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Sammit yakunlarida tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator qo‘shma qaror va hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Turkiy davlatlar tashkiloti — mintaqaviy hamkorlikning muhim institutsional maydoni bo‘lib, u a’zo mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi o‘zaro aloqalarini mustahkamlashni maqsad qiladi.

Teglar

Mavzuga oid