
Shavkat Mirziyoyev xalqaro sammitlarda ishtirok etish uchun Tojikistonga boradi
08.10.2025 | 19:5037922
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9–10 oktyabr kunlari Tojikistonda amaliy tashrif bilan bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammiti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Muzokaralarda mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy munosabatlarni kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashiladi.
Sammitlarda xalqaro kun tartibidagi muhim mavzular va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb jihatlari ham muhokama qilinadi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlar va qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 6–7 oktyabr kunlari Ozarboyjonning Gabala shahrida o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida qatnashdi.





