
Shavkat Mirziyoyev Yaponiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
27.08.2025 | 22:3015393
Uchrashuvda «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning samimiy salomi va O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Faol muloqotlar davom etayotgani va amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.
«Bugun o‘tkazilgan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining Strategik muloqoti birinchi yig‘ilishining samarali natijalari yuksak baholandi», - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 17 avgust kuni Osaka shahrida «EXPO 2025» butunjahon ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston milliy kuni muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va kelgusida uning negizida Yaponiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlangan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashilgan.





