
Shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalari qayta ko‘rib chiqiladi
Prezident farmoniga ko‘ra, shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalari qayta ko‘rib chiqiladi, shuningdek 800 ga yaqin o‘z dolzarbligini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlari amaldan chiqariladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan hujjatga ko‘ra, amalda ahamiyatini yo‘qotgan, takrorlanadigan yoki zamonaviy talablarga javob bermaydigan 800 ga yaqin qonunchilik hujjati «tartibga solish gilotinasi» orqali bekor qilinadi.
Farmon doirasida majburiy talablarni kamaytirish va tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni «E-aktiv» tizimida belgilovchi majburiyat bekor qilinadi. Bu o‘zgarish hisobot yukini kamaytirib, biznes uchun yanada qulay muhit yaratishi kutilmoqda.
Shuningdek, ko‘chmas mulkni garovga qo‘yish huquqini ro‘yxatga olishda davlat xizmati narxi ikki baravarga qisqartiladi. Tegishli to‘lovning arzonlashishi ipoteka va kredit operatsiyalariga oid jarayonlarni yengillashtirishi mumkin.
Qaror shaxsiy ehtiyoj uchun respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni ham nazarda tutadi.
Hukumat qarori bilan 2025-yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari belgilangan edi.
Jumladan,
Havo transportida — 1000 AQSH dollari,
Temiryo‘l va daryo transportida — 500 AQSH dollari,
Avtomobil va piyoda o‘tkazish punktlari orqali — 300 AQSH dollarigacha qiymatdagi tovarlarni shaxsiy ehtiyoj uchun bojsiz olib kirish mumkin.
Shuningdek, Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini o‘zidan kelib chiqmagan sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga esa muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.





