add

Sherzod Qudbiyev: «Kimdir 1000 ta yangi daraxt ekkan bo‘lsa, 50 ta eskisini kesishi mumkin»

18.07.2025 | 11:304503

Qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi rahbari Sherzod Qudbiyev daraxtlarni kesish bilan bog‘liq muammoga nisbatan amaliy yechim taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p daraxt ekkan qurilish tashkiloti belgilangan miqdorda daraxt kesish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

Sherzod Qudbiyev: «Kimdir 1000 ta yangi daraxt ekkan bo‘lsa, 50 ta eskisini kesishi mumkin»
Yig‘ilish Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida o‘tkazildi. Tadbirda qurilish sohasi vakillari bilan bir qatorda Davron Vahobov, Murod Nazarov, Biznes ombudsman rahbariyati va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi. Asosiy maqsad – sohadagi muammolarni muhokama qilish va davlat hamda biznes o‘rtasida muloqotni rivojlantirishdir. Tadbirkor Murod Nazarov moratoriy tufayli qurilish loyihalari to‘xtab qolayotganini va ayrim hollarda bu holat korrupsiyaga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. U «daraxtlar banki» tizimini joriy etib, daraxt kesishni qonuniylashtirishni taklif etmoqda. Bu orqali quruvchilar oldindan daraxt ekib, keyin belgilangan miqdorda daraxt kesish imkoniga ega bo‘ladi. Sherzod Qudbiyev bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, «Agar quruvchi 1000 ta daraxt ekkan bo‘lsa, boshqa joyda 50 ta daraxt kesishi mumkin bo‘lishi kerak», dedi. Uning fikricha, bu mexanizm atrof-muhitga zarar yetkazmasdan qurilishni rivojlantirish imkonini beradi. Yig‘ilishda soliq masalalari ham ko‘tarildi. Qudbiyev tadbirkorlar ortiqcha tekshiruvlardan qo‘rqmasligi kerakligini bildirib, belgilangan tartibdagi markirovka talablarini tushuntirdi. Shuningdek, poytaxtning bosh rejasi qayta ko‘rib chiqilayotgani va qurilishlar asosan rekonstruksiya hududlarida olib borilishi ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid

Sherzod Qudbiyev: «Kimdir 1000 ta yangi daraxt ekkan bo‘lsa, 50 ta eskisini kesishi mumkin» | Vaqt.uz