add

Sherzod Qudbiyev tadbirkorlardan avans to‘lov talab qilishini tanqid qildi

29.06.2025 | 09:007944

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 27 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi tashkil etgan ochiq muloqotda ayrim soliq organlari xodimlari tadbirkorlardan soliqlarni avans tartibida to‘lashni talab qilayotganini ma’lum qildi.

Sherzod Qudbiyev tadbirkorlardan avans to‘lov talab qilishini tanqid qildi
U bu holatni noto‘g‘ri va noqonuniy amaliyot sifatida baholab, bu masalada tadbirkorlarga bosim o‘tkazmaslik lozimligini alohida ta’kidladi. Qudbiyevga ko‘ra, davlat soliq tizimida soliq tushumlari o‘sishi ortida tadbirkorlarga bosim qilish emas, samarali ish yuritish turishi kerak. Sherzod Qudbiyev soliq tushumlari joriy yilning birinchi yarim yilligida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamida 25 foizga o‘sishi kutilganini bildirdi. Biroq, uning aytishicha, bu o‘sish ko‘rsatkichi har qanday holatda tadbirkorlar huquqlarini buzish hisobiga ta’minlanmasligi zarur. «Agarda o‘sish 24 foiz bo‘lsa ham mayli, eng muhimi — bu bosimsiz amalga oshsin», — dedi Qudbiyev. Ayni paytda Qudbiyev ayrim hududiy soliq organlarida tadbirkorlardan keyingi oy hisobiga 5, 10 yoki 20 million so‘mlik avans to‘lov talab qilish holatlari uchrayotganini tan oldi. U bu amaliyot professionallikdan yiroq va qonunga zid ekanini ta’kidlab o‘tdi. Davlat soliq qo‘mitasi rahbarining fikricha, bunday holatlar tizimdagi kamchiliklardan dalolat beradi va ular bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Sherzod Qudbiyevning ta’kidlashicha, kichik biznesdan 10 milliard so‘m soliq to‘plash uchun minglab tadbirkorlardan to‘lov undirilishi lozim bo‘ladi. Shu sababli soliq organlari tadbirkorlarga nisbatan adolatli va qonuniy yo‘l tutishi shart. U tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va soliq yukini yengillashtirish borasida qo‘mitaning rejalari borligini qayd etdi. Davlat soliq qo‘mitasi rahbari bu kabi amaliyotlar hech qanday yuqoridan berilgan ko‘rsatma emasligini va faqat ayrim xodimlar tashabbusi sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. U tadbirkorlarga nisbatan adolatli munosabatni ta’minlash davlat siyosatida ustuvor vazifa bo‘lib qolishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid