Shikastlangan avtoraqamlar onlayn almashtirish narxi ma’lum qilindi

Bugun 14:561 daqiqa

O‘zbekistonda shikastlangan yoki yaroqsiz holga kelgan avtoraqamlarni onlayn almashtirish xizmati ishga tushirildi.

Shikastlangan avtoraqamlar onlayn almashtirish narxi ma’lum qilindi © my.gov.uz

Endi shikastlangan yoki yaroqsiz holga kelgan avtoraqamlarni onlayn tarzda almashtirish imkoniyati yaratildi. Mazkur xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portali orqali joriy etildi.

Foydalanuvchilar portal orqali tegishli xizmatni tanlab, ariza yuborish imkoniga ega bo‘ldi. Ariza topshirish jarayonida fuqarolar kerakli davlat raqami belgisi sonini tanlashi va shikastlangan raqamning fotosuratlarini ilova qilishi lozim. Barcha ma’lumotlar to‘ldirilgandan so‘ng, ariza Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Yangi davlat raqami belgisini olish narxi

Ariza ma’qullangach, talabgorga to‘lov amalga oshirish uchun maxsus hisob-faktura yuboriladi. Yangi davlat raqami belgisini olish uchun belgilangan to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravariga teng bo‘lib, bu hozirda 1 million 442 ming so‘mni tashkil etadi.

To‘lov amalga oshirilgandan keyin yangi avtoraqam tayyorlanadi. Shundan so‘ng fuqaroga xabarnoma yuborilib, u belgilangan YHXX bo‘linmasiga borib, eski raqamni topshirishi va yangisini qabul qilib olishi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab respublika tovar-xomashyo birjasi orqali o‘tkaziladigan autsionlar hamda «chiroyli» raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish amaliyoti bekor qilingan edi. Shuningdek, davlat raqam belgilarini sotib olishning yangi yo‘li — «AvtoRaqam» mobil ilovasi ishga tushirilgan.

Teglar

Mavzuga oid