Shikastlangan davlat raqamini onlayn almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi

Ma’lum qilinishicha, ariza yuborib, foto ilova qilinadi, ko‘rib chiqilgandan so‘ng to‘lov amalga oshiriladi.

Shikastlangan davlat raqamini onlayn almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi © my.gov.uz

O‘zbekistonda avtotransport vositasining shikastlangan yoki yaroqsiz holga kelgan davlat raqami belgisini onlayn tarzda almashtirish xizmati joriy etildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, endi fuqarolar davlat raqamini almashtirish uchun navbatda turmasdan, my.gov.uz portali orqali ariza yuborishi mumkin.

Xizmatdan foydalanish uchun fuqarolar my.gov.uz portaliga kirishi, «Shikast yetgan avtotransport vositasining davlat raqami belgisini tiklash» xizmatini tanlashi va arizani to‘ldirib, unga shikastlangan davlat raqamining fotosuratini ilova qilishi kerak bo‘ladi.

Ariza vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilgach, fuqaroga to‘lov uchun invoys yuboriladi.

«To‘lov amalga oshirilgach, ko‘rsatilgan hududiy bo‘linmaga borasiz va eski raqamni topshirib, yangisini qabul qilib olasiz», - deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, to‘lov bazaviy hisoblash miqdoriga (BHM) asoslangan:

• 1 juft (oldi va orqa) raqam uchun: 1 854 000 so‘m (4,5 BHM).

• 1 dona raqam uchun: 927 000 so‘m (2,25 BHM).

«Ariza yuborishda raqamning holati aks etgan rasm aniq bo‘lishiga e’tibor bering. Bu jarayonni tezlashtiradi va ortiqcha ovoragarchilikning oldini oladi», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid