
Shimoliy Koreya Rossiyaning Kursk oblastini tiklashga minglab ishchi yuboradi
18.06.2025 | 12:1527944
Shimoliy Koreya Rossiyaning urushdan jabrlangan Kursk oblastini tiklash uchun 6 ming nafar ishchi va harbiy muhandislarni yuborishi haqida ma’lum qilindi. Janubiy Koreya va Yaponiya bu qarorni keskin tanqid qildi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Shimoliy Koreya rahbari Kim Jong Un bilan Pyongyangda o‘tkazgan muzokaralardan so‘ng, Shimoliy Koreya Rossiyaning Kursk oblastida qurilish va minadan tozalash ishlari uchun minglab ishchi yuborishini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Pyongyangdan «bir harbiy diviziya miqyosidagi quruvchilar, ikki harbiy brigada» hamda 1000 nafar minadan tozalovchi mutaxassis yuboriladi. Jami 6 000 nafarga yaqin ishchi ishtirok etadi. Shoygu buni «qardoshona yordam» deb atadi.
Janubiy Koreya va Yaponiya bu tashabbusni BMT sanksiyalarini buzish deb baholadi. Seul tashqi ishlar vazirligi buni «noqonuniy hamkorlik» deb, xavotir bildirdi. Tokio ham shunday bayonot berib, bunday hamkorlik Yaponiya atrofi xavfsizligiga tahdid ekanini bildirdi.
Ayni paytda, Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik haqidagi xabarlar tobora ko‘paymoqda. Gap shunchaki ishchi kuchi haqida emas — Janubiy Koreya manbalarining ma’lum qilishicha, Rossiyada 15 ming nafargacha shimoliy koreyalik ishchi ishlamoqda.
Bundan tashqari, G‘arb rasmiylari yanvar oyida BBC ga ma’lum qilishicha, Rossiyadagi 11000 nafargacha bo‘lgan Shimoliy Koreya harbiylaridan kamida 1000 nafari uch oy ichida halok bo‘lgan. Shimoliy Koreya bu faoliyati evaziga pul yoki harbiy texnologiyalarga ega bo‘lishi mumkin, deydi tahlilchilar.
Rossiya va Shimoliy Koreya aprel oyida bu harbiylarning mavjudligini rasman tasdiqlagan, bu esa Janubiy Koreya va AQSH tomonidan keskin tanqid qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabrda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘zaro mudofaa shartnomasi imzolagan va «tahdid yuz bersa, bir-biriga yordam berish» majburiyatini olgan edi. Kim Jong Un buni «o‘zaro ittifoqning yangi bosqichi» deb atagan.





