
Shimoliy Koreyada silikon operatsiyasi endi jinoyat hisoblanadi
06.10.2025 | 16:3031113
Kim Chen In mamlakatda silikon implantlarini «kapitalistik buzuqlik» deb atab, plastik jarrohlik amaliyotlarini qonunan taqiqladi. Bu turdagi operatsiyalar uchun ayollar va shifokorlar qamoq yoki mehnat lageriga yuborilishi mumkin.

Shimoliy Koreyada so‘nggi oylarda plastik jarrohlikka qarshi qattiq choralar ko‘rilmoqda. Davlat rahbari Kim Chen In ko‘krak kattalashtirish va boshqa kosmetik operatsiyalarni «kapitalistik buzuqlik» deb baholab, ularni jinoyat sifatida ta’rifladi. Bu haqda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oyi o‘rtalarida ikki yosh ayol va ularga operatsiya qilgan shifokor ochiq sud muhokamasiga chiqarilgan. Ularga nisbatan ish silikon implantlarni mamlakatga noqonuniy olib kirish va yashirin sharoitda operatsiya o‘tkazish ayblovi bilan qo‘zg‘atilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, barcha gumon qilinuvchilar mehnat lagerlariga yuborilishi mumkin. Sudyalar va prokurorlar bu amaliyotlarni «anti-sotsialistik» va «g‘arbcha iste’mol madaniyatining ta’siri» sifatida baholagan. Mamlakat rahbariyatining fikricha, bu kabi jarrohliklar milliy ma’naviyat va ideologiyaga zid hisoblanadi.
Kim Chen Inning bunday qarorlari orqali davlat «ma’naviy poklikni saqlash» va g‘arbcha «moda g‘oyalarining kirib kelishini cheklash»ni maqsad qilgani ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda plastik operatsiya qildirishda gumon qilingan ayollar majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilayotgani xabar qilingan.
Xorijiy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, bu siyosat Shimoliy Koreyaning ideologik yopiq tizimida axloqiy nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.





