add

Shota Rustavelidagi qurilish: ko‘chada qanday yangiliklar qilinmoqda

21.08.2025 | 23:009905

Shu kunlarda Toshkent shahrining mashhur Shota Rustaveli ko‘chasida misli ko‘rilmagan qurilish rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Mazkur ko‘chada O‘zbekistonda ilk bor avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasidan ajratilgan yo‘laklar barpo etilmoqda.

Shota Rustavelidagi qurilish: ko‘chada qanday yangiliklar qilinmoqda
Shu yilning 1 iyunidan boshlangan qurilish ishlari birinchi bosqichda Mirobod ko‘chasi bilan kesishmadan Choshtepa ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan 6,5 km.lik uchastkada qizg‘in ketayapti. Qayd etib o‘tish kerakki, ko‘chadagi qurilish ishlarida xitoylik muhandislar ham ishtirok etmoqda. Ular asosan loyihaga amal qilinishi nazorat qilishadi. Ishlarning katta qismi esa mahalliy mutaxassislar yordamida amalga oshirilmoqda. Ko‘chaning butun uzunligi bo‘ylab yo‘l qoplamasini to‘liq almashtirish orqali avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinmoqda. Toshkent shahar hkoimligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Qosimovaning tushuntirishicha, ko‘chada nafaqat yangi asfalt yo‘l yotqiziladi, shu bilan birga, piyodalar yo‘laklari ham zamonaviylashtirilmoqda, granit va ekologik toza tosh qoplamalari yotqizilmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar yaratiladi: panduslar, taktil plitkalar va xavfsiz o‘tish joylari kabi. Butun ko‘cha bo‘ylab piyodalar yo‘laklari bir tekis bo‘lishi, ko‘chalarni kesgan joyda nogironlik aravachalari va bolalar kolyaskalari uchun biror to‘siq bo‘lmasligiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, ko‘cha yuzida joylashgan binolarning fasadlari ham ta’mirlanmoqda. O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar, yopib olingan balkonlar ochilmoqda va ko‘chaning yagona me’moriy qiyofasi shakllantirilmoqda. Yangi kichik me’moriy shakllar o‘rnatilmoqda, qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilmoqda. Butun ko‘cha bo‘ylab trotualarni yoritish yaxshilanadi. Buning uchun allaqachon elektr tarmoqlari montaj qilinib, simlar tortib bo‘lingan. Ko‘chada muhandislik tarmoqlari, oqova va drenaj tizimlari yangilanmoqda. Drenaj tizimi yopiq bo‘ladi va butun ko‘cha bo‘lab ajratilgan veloyo‘lak ostiga joylashadi. Ko‘cha bo‘ylab ikkita yer osti o‘tish joyi ochilgan va zamonaviy bekat majmualariga moslashtirilmoqda. Bu ishlar birgina Shota Rustaveli ko‘chasi bilan cheklanmaydi. Bu Yangi Sergeli – Amir Temur ko‘chasi transport koridorining bir qismi hisoblanadi. Bizga ma’lum qilishlaricha, zamonaviy trotuarlar esa Toshkent xalqa yo‘ligacha davom ettiriladi. Videoni Youtubeʼda tomosha qiling: 👉https://youtu.be/SXyHKY06Tmw Shuhrat Shokirjonov tayyorladi. Operator: Nizomiddin Ahmedov.

Teglar

Mavzuga oid