Shoygu Armanistonni «halokatlar»dan ogohlantirdi

20.02.2026 | 22:242 daqiqa

Rossiya va Armaniston o‘rtasida temir yo‘llar boshqaruvi borasidagi ziddiyat yangi bosqichga chiqdi — bu qaror ortida qaysi siyosiy va iqtisodiy xavflar yashirin?

Shoygu Armanistonni «halokatlar»dan ogohlantirdi

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Armaniston temir yo‘llarini boshqarishda Rossiyani almashtirish urinishlari salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bildirdi. U bu haqda «TASS» agentligiga bergan izohida ma’lum qildi.

Shoyguning ta’kidlashicha, bunday qaror «yetarlicha ishlab chiqilmagan» hamda «xavfli tajriba» bo‘lib, uning oqibatlarini oddiy fuqarolar his qilishi mumkin.

«Deyarli yigirma yil davomida qurilgan tizim bir zumda qulashi mumkin», — dedi u.

Armaniston temir yo‘llarini 2008 yildan buyon «Rossiya temir yo‘llari» kompaniyasining «Janubiy Kavkaz temir yo‘li» shu’ba korxonasi 30 yillik konsessiya shartnomasi asosida boshqarib kelmoqda.

Konsessiya atrofida bahs

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan fevral oyida Rossiyaga konsessiya huquqlarini «do‘st davlat»ga sotish taklifini ilgari surgan edi. Mumkin bo‘lgan variantlar qatorida Qozog‘iston, BAA yoki Qatar tilga olindi.

Pashinyan Rossiya ishtirokidagi konsessiya mamlakat uchun ma’lum raqobat yo‘qotishlarini keltirib chiqarayotganini aytgan. Shoygu esa Rossiya tomonidan respublika temir yo‘llarga 30 milliard rubldan ortiq mablag‘ sarflanganini ta’kidladi.

Uning aytishicha, bu jarayonda 700 kilometr yo‘lning 520 kilometridan ortig‘i ta’mirlangan, shpallarning yarmi yangilangan va 50 dan ziyod inshoot, jumladan 38 ko‘prik hamda ikki tonnel rekonstruksiya qilingan. Rossiya tomoni Yerevanning yangi sheriklar izlashini tanqid qilmoqda.

Zangezur yo‘lagi va Amerika omili

Armaniston tomoni o‘tgan yili Rossiyadan ayrim temir yo‘l uchastkalarini tiklashni so‘ragan va kerak bo‘lsa ularni davlat mablag‘lari hisobiga qayta qurishga tayyorligini bildirgan edi.

Bu jarayon Janubiy Kavkazdagi Zangezur yo‘lagi loyihasi bilan bog‘liq bo‘lib, uni xususiy amerikalik kompaniya boshqarishi rejalashtirilgan.

12-fevral kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk Moskva Armaniston bilan 1,6 km va 12,4 km uzunlikdagi ikkita uchastkani tiklash bo‘yicha «amaliy muzokaralarga kirishish»ga qaror qilganini ma’lum qildi. Pashinyan ushbu bayonotni olqishladi, biroq ish ko‘lami kichikligi va vaqt ziqligini inobatga olib, hozircha «muzokara o‘tkazadigan narsa yo‘q»ligini aytdi.

«Biz buni amalga oshirgunimizcha, muqobil temir yo‘l qurib bo‘linadi va biz yana: "Armaniston yana chetda qoldi", deb o‘tiramiz. Yo‘q, muhokama qiladigan narsa yo‘q — avval quraylik, keyin muhokama qilamiz», — dedi Pashinyan.

Teglar

Mavzuga oid