
Shoygu va Kim Chen In harbiy hamkorlikni muhokama qildi
05.06.2025 | 12:4045483
Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Sergey Shoygu KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi. Bu haqda KXDR ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Sergey Shoygu Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga safari doirasida mamlakat yetakchisi Kim Chen In bilan muzokaralar o‘tkazdi. KXDR rasmiy axborot agentligining ma’lum qilishicha, uchrashuv davomida tomonlar harbiy va xavfsizlik sohasidagi munosabatlar, mintaqaviy va xalqaro vaziyat haqida fikr almashgan.
Uchrashuv 3 iyun kuni Pxenyanda bo‘lib o‘tgan. Shoygu Kim Chen Inga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va tilaklarini yetkazgan. KXDR rahbari esa, o‘z navbatida Putinga salom va eng ezgu tilaklarini yo‘llagan. Qayd etilishicha, muzokaralar do‘stona muhitda o‘tgan.
Muhokamalar chog‘ida Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlar va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Rasmiy Pxenyanning ta’kidlashicha, tomonlar xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish niyatida ekanliklarini bildirishgan.
Rossiya tomoni uchrashuvga oid rasmiy ma’lumot bermagan, ammo bu Shoyguning yangi lavozimda KXDRga qilgan birinchi rasmiy safari bo‘ldi.





