
Shubhali odamlardan yer va bino sotib olmang — poytaxt hokimligi tadbirkorlarni ogohlantirdi
Joylarda yerni noqonuniy ajratish va qurilish holatlari ko‘paymoqda. Vakolatsiz shaxslarga ishonish — sarmoyadan ayrilish xavfini keltirib chiqaradi, deyiladi bayonotda.

2021 yildan boshlab yer uchastkalarini faqat elektron onlayn-auksion orqali ajratish tartibi joriy qilingan. Shuningdek, mahalliy hokimiyatlar yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish vakolatidan mahrum etilgan.
Shuningdek, vakolatli idoralar yer ajratish jarayonlarida qonunbuzarliklarga qarshi qat’iy kurash olib bormoqda. Biroq ayrim shaxslar haligacha tanish-bilishchilik va soxta qarorlar orqali yer taklif qilib, tadbirkorlarni aldovga duchor qilmoqda, deyiladi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sharof Rahmonovning bayonotida.
Unga ko‘ra, bunday qonunga xilof sxemalar orqali noqonuniy yer sotib olganlar qonuniy himoyaga ega emas: u yerlardagi qurilmalar buzib tashlanadi va moddiy tovon to‘lanmaydi. Hatto aybdorlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Murojaatnomada alohida ta’kidlanishicha, yashash massivlari, yo‘l himoya hududlari, muhandislik tarmoqlari ustiga qurilayotgan noqonuniy inshootlar aholi xavfsizligi va infratuzilma uchun jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.
Fuqarolardan o‘z hududlaridagi noqonuniy qurilishlar haqida tez fursatda mas’ul idoralarga xabar berish so‘raldi. Tadbirkorlar esa har qanday yer yoki binoga sarmoya kiritishdan avval mutaxassislar va yuristlardan maslahat olishga chaqirildi.





