
Si Jinping Putin va Trampni bir stol atrofida yig‘moqchi
25.07.2025 | 21:4036593
Uchinchi Jahon urushiga barham berilgan sanani nishonlash maqsadida Pekinda o‘tadigan parad ayni shu muloqot uchun maydon bo‘lishi mumkin.

The Times nashri xabar berishicha, Xitoy rahbari Si Jinping jahon siyosiy sahnasining ikki yirik figurasi — Vladimir Putin va Donald Trampni Pekindagi harbiy parad doirasida birgalikdagi uchrashuvga taklif qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Parad 3 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushi yakunlangan kun munosabati bilan tashkil etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vladimir Putin allaqachon Pekinga rasmiy taklifni qabul qilgan. Si Jinping esa Donald Trampni ham taklif qilish orqali AQSH, Rossiya va Xitoy yetakchilarining ramziy uchrashuvini uyushtirishni ko‘zlamoqda.
Tahlilchilar fikricha, Si Jinping mazkur parad orqali Rossiya bilan yaqin siyosiy hamkorlikni namoyish etishni hamda mamlakat ichidagi muammolardan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itishni ko‘zlamoqda. Shu bilan birga, Donald Trampning maslahatchilari bunday uchrashuvda uning rolini ikkinchi darajali qilib ko‘rsatilishi mumkinligidan xavotirga tushgan. Ammo uchrashuv Trampning shaxsiy diplomatik yondashuviga — ya’ni dunyo yetakchilari bilan yuzma-yuz muloqot orqali siyosiy ta’sirini oshirishga muvofiq keladi.
Avvalroq Tramp agar 50 kun ichida Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Rossiya va uning ittifoqchilariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishini bildirgan edi. Xitoy bunga javoban Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga va’da berdi va har qanday bir tomonlama sanksiyalarni qoraladi.





