add

Si Jinping uch yilda Xitoy armiyasini amalda «boshsiz» qoldirdi

Bugun 22:152 daqiqa

Keng ko‘lamli tozalashlar Xitoy Qurolli kuchlarining Tayvan yo‘nalishidagi jangovar tayyorligiga jiddiy savollar tug‘dirmoqda.

Si Jinping uch yilda Xitoy armiyasini amalda «boshsiz» qoldirdi

Xitoy rahbari Si Jinping so‘nggi uch yil ichida mamlakat harbiy elitasiga nisbatan misli ko‘rilmagan tozalash kampaniyasini amalga oshirdi. Natijada Xitoy Kommunistik partiyasining eng oliy harbiy organi — Markaziy harbiy kengash deyarli to‘liq yangilandi, deb yozadi «The New York Times».

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, olti nafar a’zodan iborat Markaziy harbiy kengashda faqat bitta yuqori lavozimli shaxs o‘z o‘rnida qolgan. Shuningdek, turli qo‘shin turlari, harbiy okruglar va strategik yo‘nalishlarga rahbarlik qilgan kamida 30 nafar general va admiraldan faqat yetti nafari faoliyatda qolgan, qolganlari esa iste’foga chiqarilgan yoki jamoatchilik nazaridan yo‘qolgan.

So‘nggi va eng katta zarba 24-yanvar kuni berildi. O‘sha kuni Sining yaqin hamkori va uning o‘rinbosari hisoblangan general-polkovnik Jang Yusia hamda Markaziy harbiy kengash Qo‘shma shtabi boshlig‘i Lyu Jenliга nisbatan tekshiruv boshlangani e’lon qilindi. Rasmiy sabab sifatida «jiddiy intizomiy va qonuniy qoidabuzarliklar» ko‘rsatilgan.

 

Operativ bo‘shliq

Aynan Jang Yusia va Lyu Jenli Xitoy armiyasining jangovar tayyorgarligi va yirik harbiy operatsiyalar rejalashtirilishi uchun mas’ul bo‘lgan asosiy figuralar edi. Ularga nisbatan surishtiruvlar boshlanishi Xitoy Qurolli kuchlarining tezkor boshqaruv tizimida jiddiy bo‘shliq paydo qilgani qayd etilmoqda.

«The New York Times» nashrining ta’kidlashicha, amaliyotlarni rejalashtirishda quyi bo‘g‘in ofitserlari ham ishtirok etsa-da, eng yuqori darajadagi ikki «operativ miya»ning yo‘qolishi qisqa muddatda jangaviy tayyorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jang Yusia Si Jinpingga shaxsan yaqin shaxs sanalgan. Ular ota-bobolari orqali Xitoy fuqarolik urushi davridan bog‘langan edi. Shu bilan birga, u amalda urush tajribasiga ega kam sonli xitoy generali sifatida tanilgan.

 

Tayvan omili

Tahlilchilar bu tozalashlar Xitoyning Tayvan bo‘yicha harbiy rejalariga qanday ta’sir ko‘rsatishi masalasini ko‘tarmoqda. Ilgari Si Jinping armiyaga 2027 yilga qadar Tayvanga nisbatan harbiy ssenariylarga tayyor turish topshirig‘ini bergani aytilgan edi.

«China Strategies Group» rahbari Kristofer Jonson bu jarayonni Xitoy armiyasi tarixida «yuqori qo‘mondonlikning deyarli to‘liq yo‘q qilinishi» deb baholadi. Massachusets texnologiya instituti eksperti Teylor Freyvel esa hozirgi rahbarlik bo‘shlig‘i yaqin va o‘rta muddatda yirik harbiy operatsiyalar o‘tkazish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid