add

«Si Jinpingni qabul qilishga sharoit yo‘q» — Tramp Oq uyni tubdan yangilamoqchi

Bugun 09:063121

AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda Si Jinping kabi yetakchilarni qabul qilishga sharoit yo‘qligini aytdi va rezidensiyani tubdan yangilashga kirishdi.

«Si Jinpingni qabul qilishga sharoit yo‘q» — Tramp Oq uyni tubdan yangilamoqchi

Donald Tramp 10-noyabr kuni Fox News’ga bergan intervyusida Oq uyning hozirgi holatida Xitoy raisi Si Jinping yoki boshqa yetakchilarni qabul qilish imkoni yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu joy katta rasmiy tadbirlar uchun yetarli emas va rezidensiya «tubdan yangilanish»ga muhtoj.

Tramp joriy yil oktabr oyida Janubiy Koreyada Si Jinping bilan uchrashganini va 2026 yil bahorida Pekinga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini aytdi. Unga ko‘ra, Si Jinping uni Xitoyga taklif qilgan va o‘zi ham Xitoy rahbarini Vashingtonga taklif etgan. «Ikkala davlat yetakchisi sifatida bu uchrashuvni intiqlik bilan kutyapmiz», — dedi u.

Shu bilan birga, Oq uy hududida 200 mln dollarlik yangi marosimlar zali qurilishi boshlangan. 90 ming kvadrat fut maydonga ega zalni xususiy sarmoyadorlar va prezidentning o‘zi mablag‘ bilan ta’minlamoqda. Loyiha doirasida tarixiy Sharqiy qanot binosi buzib tashlandi.

Mazkur qaror AQSH ichida katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi. ABC News va Washington Post o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, amerikaliklarning 56 foizi Sharqiy qanotni buzishga qarshi, 45 foizi esa «katta qarshilik» bildiradi. Faqat 28 foiz odam yangi zal g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Shunga qaramay, Tramp so‘rov natijalaridan bezovta emas. Uning bayonotiga ko‘ra, yangi zal Amerika buyukligining ramziga aylanadi va xalqaro yetakchilarni qarshi olish uchun asosiy maskan bo‘ladi. Shuningdek, u Oval kabinetda Coca-Cola Zero chaqiruv tugmasini tikladi va 999 probali oltindan yasalgan bezaklar o‘rnatdi.

Teglar

Mavzuga oid

«Si Jinpingni qabul qilishga sharoit yo‘q» — Tramp Oq uyni tubdan yangilamoqchi | Vaqt.uz