add

Si Maoga aylanmoqda: Xitoy armiyasida «qizil qatag‘on» yuz beryapti

29.01.2026 | 17:204 daqiqa

Xitoy hokimiyatida jiddiy silkinish kuzatilmoqda. Si Jinping hatto eng ishonchli vakillarini ham qurbon qilishdan tortinmayapti. Putinning Ukraina urushidagi xatolari Pekinni sergak torttirib, Xitoy armiyasidagi chuqur tizimli muammolarni «jarrohlik yo‘li» bilan bartaraf etishga undadi. Bu jarayon Mao Zedong va Lin Byao o‘rtasidagi tarixiy ssenariyni eslatadi.

Si Maoga aylanmoqda: Xitoy armiyasida «qizil qatag‘on» yuz beryapti

Si Jinping oliy harbiy rahbar, bolalikdagi do‘sti va yaqin safdoshi Chjan Yusyani hokimiyatdan ayovsiz chetlatgani haqidagi xabarlar ekspertlar doirasida katta shov-shuv uyg‘otishda davom etmoqda. Zamonaviy Xitoy tarixida Mao Zedong va afsonaviy marshal, Xalq ozodlik armiyasi (XOA) rahbari Lin Byao o‘rtasidagi mojarodan buyon bunday voqea kuzatilmagan edi.

1969 yilda Xitoy Kommunistik partiyasining (XKP) IX qurultoyida Lin Byao Maoning rasmiy vorisi deb e’lon qilingan. Mao uni eng munosib nomzod deb hisoblagan, chunki Lin Byao partiyada ta’sir kuchiga ega emas edi va u Maoning shaxsga sig‘inish tamoyillarini faol qo‘llab-quvvatlagan. Biroq marshal voris sifatida kuchga to‘la boshlagach, Mao uni «birinchi raqamli merosxo‘r»dan «birinchi raqamli sotqin»ga aylantirdi. 1971 yilda Lin Byao va uning oilasi bo‘lgan samolyot kutilmagan tasodif bilan halokatga uchradi. O‘shanda marshal muvaffaqiyatsiz fitnadan so‘ng Moskvaga qochmoqchi bo‘lgani haqida rasmiy bayonot berilgan.

1

Xitoy armiyasidagi so‘nggi hibslar va ishdan bo‘shatishlar fonida marshal Lin Byao tarixi esga olinmoqda.

Chjan Yusyaning voris bo‘lishiga imkoniyat yo‘q edi: 2022 yilda u Markaziy harbiy kengash (MHK) raisi o‘rinbosari etib tayinlanganida general 72 yoshda edi (vaholanki, mansab o‘sishi uchun 68 yoshlik chegara belgilangan). Ammo Si Jinpingga Xitoy hokimiyat tizimidagi eng nufuzli organ hisoblangan MHKda o‘zining mutlaqo ishonchli odami kerak edi. Ularning otalari 1940 yillardan beri birga xizmat qilgan, kommunistik Xitoy asoschilari qatorida bo‘lgan. Si va Chjan «qizil shahzodalar» avlodiga mansub bo‘lib, bir-birlarini o‘n yillar davomida bilishgan.

Shu boisdan ham general Chjan Yusya nafaqat Xitoyda odatiy holga aylangan korrupsiyada, balki «armiyaning partiya oldidagi mas’uliyati tizimiga putur yetkazish» va «raisning ishonchiga xiyonat qilish»da ayblanayotgani hayratlanarli. Shubhasiz, Si va uning sobiq do‘sti o‘rtasida qandaydir shaxsiy to‘qnashuv yuz bergan. Vaziyatni yanada og‘irlashtirish uchun G‘arb matbuotiga go‘yo Chjan Yusya Xitoyning yadroviy sirlarini amerikaliklarga sotgani haqida ma’lumotlar «sizdirildi». Bu ayblovning haqiqiyligiga deyarli hech kim ishonmasa-da, bunday uslub generalning ishlari chatoqligidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, MHK tarkibidan yana bir harbiy rahbar — Markaziy harbiy kengash birlashgan shtabi boshlig‘i Lyu Chjenli ham chiqarildi va unga nisbatan ham tergov boshlandi. Natijada, 2022 yildagi XX qurultoy tayinlovlaridan so‘ng yetti kishidan iborat bo‘lgan ushbu organda endi faqat ikki kishi qoldi: Si Jinpingning o‘zi va armiyada tartib-intizom hamda partiya me’yorlarini nazorat qiluvchi Chjan Shenmin.

2

Rais Si ishonchsiz deb topgan barcha shaxslarni chetlatmoqda

Si Jinping «tozalash» ishlarini 2024 yil iyun oyida harbiy texnika xaridlari, raketa va kosmik dasturlar uchun mas’ul bo‘lgan mudofaa vaziri Li Shanfuni lavozimidan chetlatish bilan boshlagan edi. Undan keyin armiyadagi partiyaviy-siyosiy ishlarni boshqargan Myao Xua ketdi. So‘ngra 2025 yil oktabrida armiyaning tezkor boshqaruviga mas’ul bo‘lgan MHK raisi o‘rinbosari Xe Veydun vazifasidan ozod etildi. Ularning barchasiga korrupsiya ayblovi qo‘yildi. O‘tgan yilning oxirida esa navbat Chjan Yusya va Lyu Chjenliga keldi.

Bir tomondan, bu Si Jinping Xalq ozodlik armiyasining butun boshqaruvini o‘z qo‘lida to‘liq jamlaganini ko‘rsatadi: intizom uchun mas’ul bo‘lgan Chjan Shenmin harbiy harakatlarni tezkor boshqaruvchi tajribali qo‘mondonlarning o‘rnini bosa olmaydi. Ikkinchi tomondan, rahbariyatining hozirgi holatida Xitoy armiyasi jiddiy jangovar vazifalarni bajarishga qodir emas va qatag‘onga uchragan generallar o‘rniga yangilari kelib, ishni to‘liq o‘zlashtirmaguncha bunga tez orada tayyor bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan, kuzatuvchilar Tayvanni egallash bo‘yicha operatsiya o‘tkazish xavfi yaqin yillarga kechiktirilishini taxmin qilmoqda.

Si Jinping uchun yuqoridan pastgacha korrupsiyaga botgan armiyada «tartib o‘rnatish»ga Putinning Ukrainadagi halokatli «maxsus operatsiyasi» turtki bo‘lgan deb hisoblashga asoslar yetarli. Zero, ushbu urush «dunyoning ikkinchi armiyasi»ning ayanchli zaifligini fosh qildi. Agar Xitoy armiyasi jangovar harakatlarga kirishsa, Si Jinping bunday sharmondalikka duch kelishni aslo istamaydi.

3

General Chjan Yusya nafaqat Xitoy Xalq Respublikasida odatiy hol bo‘lgan korrupsiyada, balki «armiyaning partiya oldidagi javobgarligi tizimini buzish»da va «qo‘mita raisining ishonchiga xiyonat qilish»da ham ayblanmoqda

Armiyaning o‘zida so‘nggi yillardagi «tozalashlar» turlicha kutib olinmoqda. Bir qator yuqori lavozimlar bo‘shashi yangi martaba imkoniyatlarini ochayotgan bo‘lsa-da, barcha generallar doimiy shubha ostida qolmoqda. Endi «sotqin» va «poraxo‘r» deb topilganlar tufayli o‘z mansabiga erishgan harbiylar navbatdagi qurbon bo‘lishdan qo‘rqib, raisning g‘azabini xavotir bilan kutib yashamoqda.

Si Jinpingning o‘zi esa 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan XKPning XXI qurultoyiga hozirlik ko‘rmoqda. Unda raisning mamlakatni boshqarish bo‘yicha to‘rtinchi muddatga qolish rejasi barcha tomonidan ma’qullanishi shubhasiz. Rais hozirdanoq ishonchga kirmagan barcha shaxslarni chetlatib, o‘ziga zamin hozirlamoqda. Aftidan, maydonda unga qarshi chiqa oladigan boshqa shaxslar deyarli qolmagan.

Teglar

Yulduz Abdurashidova

Yulduz AbdurashidovaMaqolalar soni: 506

Barchasi

Mavzuga oid