
«Sibir o‘zbeklar uchun tarixiy vatan» degan deputat partiyadan haydaldi
03.06.2025 | 11:0046293
Rossiyada «Sibir — o‘zbeklar uchun tarixiy vatan» degan bayonoti ortidan deputat Xolid Tagizade Kommunistik partiya a’zoligidan chiqarildi. Partiya uning so‘zlari rasmiy pozitsiyaga zid ekanini ma’lum qildi, FSB tomonidan tekshiruv boshlanishi ham mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi Xanti-Mansiy okrugi parlamenti deputati Xolid Tagizadeni partiyadan chiqardi. Bu qaror uning «Sibir o‘zbeklar uchun tarixiy vatan» degan bayonoti ortidan qabul qilindi. Partiya rahbariyati mazkur fikrni rasmiy nuqtayi nazarga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
Tagizade mazkur gapni okrug parlamenti yig‘ilishida aytib o‘tgan. U tarixiy misol sifatida Kuchumxon davrini tilga olgan holda, «bugungi migrantlar tarixiy vataniga qaytayaptimi?» deya savol bergan. Uning bu so‘zlari siyosiy muhokamalarga sabab bo‘lib, keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Rossiya matbuotida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu bayonot mamlakatning ichki xavfsizligi masalalari bilan bog‘liq deb baholanmoqda. Shu sababli, FSB (Federal xavfsizlik xizmati) tomonidan Tagizadega nisbatan tekshiruv o‘tkazilishi mumkinligi haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.
Partiya rasmiy bayonotida qayd etilishicha, Xolid Tagizadening chiqishi milliy muvozanat va tarixiy faktlarga nisbatan noan’anaviy yondashuv sifatida baholanadi. «Kommunistik partiyada shaxsiy ta’riflarga o‘rin yo‘q», — deyiladi bayonotda.
Tagizade hozircha ommaga izoh bermagan. Uning taqdiri va kelgusi siyosiy faoliyati yuzasidan rasmiy ma’lumotlar kutilmoqda.





