
Sidneyda terakt: fuqaro o‘q uzayotgan hujumchini qurolsizlantirdi
Sidneyda Hanuka bayrami paytida sodir etilgan terakt vaqtida tasodifiy fuqaro qurolli hujumchiga tashlanib, uning miltiqni tortib oldi.
Avstraliyaning Sidney shahrida Hanuka bayrami nishonlanayotgan vaqtda qurolli hujum sodir etildi. Ikki nafar hujumchi tinch aholiga o‘t ochgan. Hodisa jamoat joyida, sohil hududida bo‘lib o‘tgani sababli ko‘plab odamlar jabrlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida kamida 10 nafar inson halok bo‘lgan, yana 60 ga yaqin fuqaro turli darajada jarohat olgan. Qurbonlar orasida bolalar hamda xizmat vazifasini bajarayotgan politsiya xodimi borligi xabar qilinmoqda.
Hodisa vaqtida jinoyatchilardan biri odamlarga qarata miltiqni to‘g‘rilab turgan paytda, tasodifan o‘sha yerda bo‘lgan bir fuqaro hech qanday himoya vositasisiz unga tashlangan. U qisqa vaqt ichida hujumchining qo‘lidan qurolni tortib olgan va shu orqali yanada ko‘proq qurbonlar bo‘lishining oldini olgan.
Guvohlarning aytishicha, qurolsiz qolgan hujumchi voqea joyidan qochishga uringan. Ikkinchi hujumchi esa tartibni saqlash kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. Rasmiy idoralar hozircha hujumchilarning shaxsi va ularning harakatlari ortida kim turgani haqida aniq ma’lumot bermagan.
Voqeadan so‘ng hudud to‘liq o‘rab olingan, jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Avstraliya hukumatining tegishli idoralari ushbu hodisani terakt sifatida tergov qilmoqda. Rasmiylar jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.





