Sifati shubhali 3 mlrd so‘mlik dori vositalari musodara qilindi
Toshkent shahrida yashovchi ota-bola o‘z yashash xonadonida yashirin omborxona tashkil qilib, aylanma yo‘llar orqali olib kelingan dori vositalarini saqlagan.

3 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosi to‘xtatib qolindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1969 va 1997 yillarda tug‘ilgan ota-bola yashash xonadonida yashirin ombor tashkil qilgan. Ular aylanma yo‘llar orqali olib kelingan dori vositalarini saqlab, keyinchalik dorixonalarga tarqatish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbir chog‘ida xonadon va ular foydalangan avtomobil ko‘zdan kechirilgan. Natijada asosan Turkiya va Hindistonda ishlab chiqarilgan «Dyuspatalin», «Novomiks», «Galvus MET» kabi 87 turdagi jami 133 374 dona dori vositalari aniqlangan. Ularning taxminiy qiymati 3 mlrd so‘mdan ortiq ekani qayd etillgan.
Shuningdek, 50 ming AQSH dollari, 10,6 mln so‘m naqd pul va 150 nafar shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik kartalari ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Ayni paytda musodara qilingan dori vositalari namunalari ekspertiza o‘tkazish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuborilgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.





