
Sirdaryo va Andijonda soliqchilar pora bilan qo‘lga olindi
Ikki viloyatda soliq inspektorlari qarzdorlikni «kamaytirib berish» va tekshiruvni yopish evaziga pul talab qilgan.

Sirdaryo va Andijonda soliqchilar pora talab qilgan vaqtda DXX va prokuratura tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida 7-noyabr kuni Soliq boshqarmasi bosh inspektori Sirdaryo tumanida faoliyat yurituvchi MCHJda o‘tkazilayotgan tekshiruv jarayonida soliqdan 400 mln. so‘m miqdorida qarzdorlik borligini aniqlaydi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida, bunday holatlar uchun aslida qonunchilikda ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, o‘zining beminnat yordamini taklif etgan Soliq boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i, bosh inspektor bilan kelishgan holda ushbu qarzdorlikni 90 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qilgan.
U «xolis» xizmati evaziga 1 500 dollar miqdoridagi pulni olgan vaqtida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, soliq qarzdorligini aytilgan summaga kamaytirish bo‘yicha rasmiylashtirilgan tegishli dalolatnomani MCHJ rahbariga bergan vaqtida bosh inspektor ham protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi «v» va «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Andijon viloyatidagi holatda esa Soliq boshqarmasining bo‘lim inspektori viloyatning Ulug‘nor tumanida quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi MCHJning yuridik manzilini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv olib boradi.
Natijada, u MCHJ tegishli manzilda faoliyat yuritmayotgani, hisobotda ko‘rsatilgan qoldiqdagi tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha bir qator nomutanosibliklar borligini aniqlaydi.
U holatga oid dalolatnoma rasmiylashtirib, MCHJning bank hisob raqami orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yadi.
Ammo, ushbu soliq inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirmaslik hamda bank hisob raqamiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashini aytib, MCHJ hisobchisidan 500 AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Soliq qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq idorasi xodimi 6 mln so‘m ekvivalentidagi pul mablag‘ini o‘zining qarindoshlariga tegishli 2 ta bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.





