
Sirdaryoda obodonlashtirish brigadasi boshlig‘i ko‘cha supuruvchi ayol nomiga kredit olib hajga bordi — Erkinjon Turdimov
17.07.2025 | 20:206183
Ko‘cha supuruvchi ayol o‘zini osish darajasigacha borgan.

Sirdaryo viloyatida obodonlashtirish boshqarmasi brigadirlaridan biri qo‘l ostidagi ayol ishchi nomiga kredit rasmiylashtirib, xotini bilan haj safariga ketgan. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov “Jasorat maktabi”dagi suhbat chog‘ida ma’lum qildi.
Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, 10 kunlik o‘quvga jalb etilgan obodonlashtirish xodimlari dastlab hech qanday muammo haqida gapirmagan. Biroq so‘ngra xodimlardan biri onasi o‘zini osish niyatida ekanini bildirgan. Sabab so‘ralganda, ma’lum bo‘lishicha, obodonlashtirish brigadasi boshlig‘i onasidan nomiga kredit olishni so‘ragan. Kredit vaqtini o‘tkazib yuborayotgani ortidan qarz oshgan va bosim kuchaygan.
«Sababini so‘rasam, aytib berdi: brigada boshlig‘i onasidan kredit olishni so‘ragan. Kreditni esa o‘z vaqtida to‘lamagan. Kechikkan qarz ortib ketgan. O‘sha pulni olgan odam esa xotini bilan hajga ketgan. Kreditni esa bu ayol to‘layapti», - dedi turdimov.
Hokimning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan jabrlangan ayol hamda «hoji bobo»ni suhbatga chaqirishgan, biroq brigadirning o‘zi kelmagan.
«Ertasi kuni bilgan, xijolat bo‘lib, pullarni hisoblab kelibdi. Mayli, shunga ham shukr dedik. Qarang, odamlarimizning qanday bag‘rikengligi bor!», - deya ta’kidladi Turdimov.





