add

«Siyosiy yutuq». Nega O‘zbekiston Yevropa ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lmadi?

23.10.2025 | 20:0026682

Bugun Yevropa Komissiyasi Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston banklari ham kiritilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketini e’lon qildi. Lekin O‘zbekiston banklari bu «qora ro‘yxat»da yo‘q.

«Siyosiy yutuq». Nega O‘zbekiston Yevropa ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lmadi?

Bugun, 23 oktyabr kuni Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketini tasdiqladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga VTB-Qozog‘iston banki, shuningdek, Tojikiston, Qirg‘iziston va Belarus banklari kiritilgan. Lekin O‘zbekiston banklari «qora ro‘yxati»ga tushmadi.

«Sanksion ro‘yxat jami 45 ta kompaniyani qamrab olgan. Unda o‘zbek banklari va kompaniyalari yo‘qligi O‘zbekistonning Yevropa ittifoqi bilan ikki tomonlama manfaatli va chuqur o‘ylangan siyosatining yutuqlaridan biri deb hisoblasa bo‘ladi», - deya yozmoqda iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov.

Sanksiyalar ro‘yxatiga VTB-Qozog‘iston banki, Belarusdagi VTB sho‘’ba korxonalari va Alfa-bank, Tolubay bank, Yevroosiyo jamg‘arma banki (Qirg‘iziston), Dushanbe Siti bank, Spitamen bank (Tojikiston), Tojikiston kommersbanki va Rossiyaning bir qator banklar kiritilgan.

Shuningdek, Rossiyaning Istina kredit tashkiloti, Zemskiy Bank, Alfa-bank, MTS bank va Absolyut Bank'i, VTB va Sberning Belarus va Xitoydagi sho‘’balari, Mir to‘lov tizimi, SBP va Payeer tizimi, A7A5 steyblkoini ham Yevropa Ittifoqi «qora ro‘yxati»dan joy olgan.

«Bugun, Shavkat Mirziyoyev Bryusselga uchib ketdi. Ertaga O‘zbekiston hamda YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. Kim bilsin, balki Yevrokomissiya «mehmonni sanksiyalar bilan kutib olmaylik» degandir», - deya hazilomuz qilib yozgan jurnalst Laziz Hamidov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan bugun, 23 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryussel shahriga jo‘nab ketdi.

Davlat rahbari Belgiya poytaxtida Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, belgiyaliklar qiroli Filipp hamda Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlarining vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid