add

Skalpel uchun 10 ming dollar: biznes egalari tibbiyotdagi haddan tashqari bojlardan norozi

17.07.2025 | 17:0012794

Tadbirkorlarning aytishicha, O‘zbekistonda import tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni juda qimmatga tushmoqda. Oddiy skalpelni rasmiylashtirish uchun 10 ming dollar sarflanishi, xorijiy kompaniyalarni bozordan chetlashtirmoqda.

Skalpel uchun 10 ming dollar: biznes egalari tibbiyotdagi haddan tashqari bojlardan norozi
Savdo-sanoat palatasida 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda HAYAT klinikalari tarmog‘i rahbari Nuriddin Nuritdinov tibbiy asbob-uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga oid muammolarni ko‘tardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pinset va skalpellar kabi oddiy asboblarni ro‘yxatga olish uchun davlat boji BHMning 84 baravariga teng — taxminan 31,5 mln so‘m. Agar skalpel 10 xil modifikatsiyaga ega bo‘lsa, bu miqdor 86 mln so‘mga yetadi. Nuritdinov ta’kidlashicha, rasmiylashtirish xarajatlari 10 ming dollargacha yetishi mumkin. Solishtirish uchun, Qozog‘istonda ushbu jarayon atigi 400–500 dollarni tashkil qiladi. Shu sababli Germaniya kompaniyasi O‘zbekiston bozorida ishtirok etishdan bosh tortgan. Ushbu vaziyat nafaqat investorlarni, balki ichki bozordagi tibbiy muassasalarni ham qiyin ahvolga solmoqda. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning mahalliy analoglar mavjudligi haqilagi savoliga Nuritdinov mahalliy mahsulotlar yetarli darajada sifatli emasligini aytdi. Shu bois, klinikalar ko‘pincha import asboblarga muhtoj bo‘lib qolmoqda, ammo ularni rasmiylashtirish ortiqcha yuk bo‘lmoqda. Euro Stom Dental Clinic rahbari Yusuf Jo‘rayev ham shunga o‘xshash muammoga to‘qnashgan. U Janubiy Koreyadan keltirilayotgan $8 tish implantini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 5 ming dollar to‘lash talab etilishini ma’lum qildi. U stomatologik mahsulotlar uchun bojlarni pasaytirishga chaqirdi. Ayni paytda, mazkur tartib Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan preyskurant asosida amalga oshiriladi. Lekin ham vazirlik, ham bog‘liq markaz saytida narxlar ochiq e’lon qilinmagan. Biznes vakillari bu holatni shaffoflik yetishmasligi va asoslanmagan xarajatlar bilan bog‘lamoqda. Ular tizimli, oqilona va shaffof yechimlarga ehtiyoj borligini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Skalpel uchun 10 ming dollar: biznes egalari tibbiyotdagi haddan tashqari bojlardan norozi | Vaqt.uz