add

Smartfon taqiqlari Niderlandiya maktablarida ta’lim sifatini oshirdi

06.07.2025 | 13:0046825

Niderlandiya hukumati buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan tadqiqotga asosan, maktablarda smartfonlarni taqiqlash o‘quv muhitini yaxshilagan. Talabalar diqqatni to‘plashda ancha samarali bo‘lib, o‘zaro ijtimoiy aloqalari ham kuchaygan. Ilk qarshiliklarga qaramay, ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar bunday choradan mamnun ekani qayd etildi.

Smartfon taqiqlari Niderlandiya maktablarida ta’lim sifatini oshirdi
The Guardian nashrining xabar berishicha, 2024 yil yanvaridan boshlab Niderlandiyadagi deyarli barcha maktablar darslarda smartfondan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha milliy ko‘rsatmalarga amal qila boshladi. O‘rta maktablarning uchdan ikki qismi o‘quvchilardan telefonlarni uyda qoldirishni yoki shkaflarga joylashtirishni talab qilmoqda. Har beshta maktabdan birida esa dars boshida telefonlar yig‘ib olinadi. Kohnstamm Instituut tadqiqot markazi 317 ta o‘rta maktab, 313 ta boshlang‘ich maktab rahbarlari hamda 12 ta fokus-gruppa orqali o‘qituvchi, assistent, o‘quvchi va ota-onalar fikrlarini o‘rgandi. O‘rta maktablarda bolalarning diqqatini jamlash osonlashgani (75 foiz), ijtimoiy muhit yaxshilangani (59 foiz) va natijalar ham yaxshilangani (28 foiz) qayd etilgan. Tadqiqotchi doktor Aleksandr Krepel ta’kidlashicha, o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yaxshilandi. «Dars paytida yashirincha suratga olib, uni WhatsApp guruhlarda tarqatish imkoniyati yo‘qoldi, shu bois ijtimoiy xavfsizlik oshdi,» dedi u. «Dars oralig‘ida telefonda o‘tirish o‘rniga o‘zaro suhbat qilishga majbur bo‘lishdi. Balki janjallar ham ko‘paygandir, lekin maktab va o‘qituvchilar atmosfera yaxshilanganidan xursand.» VO-raad o‘rta ta’lim kengashi vakili Freya Siksma dastlabgi qarshiliklar bekorga bo‘lganini bildirdi. «Avval boshda juda ko‘p noroziliklar bo‘ldi, lekin endi deyarli hamma mamnun,» dedi u. Maxsus ta’lim muassasalarida, kerakli holatlarda smartfondan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, ularning yarmidan ko‘pida taqiq ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Boshlang‘ich maktablarda esa oldin telefon unchalik ta’sir qilmagan bo‘lsa-da, to‘rtdan biri bunday chorani qo‘llab-quvvatladi. Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim vaziri Marelle Paulning ta’kidlashicha, milliy ko‘rsatmalar intizomni ta’minlashda katta yordam berdi. «Avval yakka o‘qituvchi telefonni ta’qiqlamoqchi bo‘lsa, u doim tortishuvga aylanardi. Ayniqsa, tajribasiz o‘qituvchilarga buni nazorat qilish qiyin edi,» dedi u. Niderlandiya statistika idorasiga ko‘ra, bolalarning 96 foiz qariyb har kuni internetga kiradi va buning asosiy manbai smartfon hisoblanadi. Hukumat yaqinda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va ekran vaqtiga cheklov qo‘yishni tavsiya qildi. Bir deputat esa maktablarda smartfonni to‘liq taqiqlash taklifini ilgari surgan.

Teglar

Mavzuga oid

Smartfon taqiqlari Niderlandiya maktablarida ta’lim sifatini oshirdi | Vaqt.uz