
Sobiq mudofaa vaziri Rustam Ahmedov: «Karimov bankirlarni qo‘rqitish uchun kuch tuzilmalarini chaqirgan edi»
25.06.2025 | 16:0238934
O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov konvertatsiya yopilgan 1996 yil voqealarini yodga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karimov bank tizimidagi korrupsiyani yo‘qotish uchun kuch tuzilmalari rahbarlarini yig‘ib, bankirlarni qo‘rqitishga uringan.

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, general-polkovnik Rustam Ahmedov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 1990-yillarda valyuta konvertatsiyasi qanday yopilganini eslab o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Islom Karimov bozor iqtisodiyotidan chekinib, iqtisodiyotni kuch bilan boshqarishga harakat qilgan.
Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, Karimov iqtisodiyotni to‘liq nazoratda ushlashni maqsad qilgan, biroq iqtisodiyotni kuch bilan boshqarish amalda imkoniyati yo‘q. «Agar bozor munosabatlari bo‘lsa, unga erkinlik berish kerak. Lekin Karimov qo‘yib yubormadi. Shuning uchun ham konvertatsiyani yopishga majbur bo‘ldi», — dedi u.
Sobiq vazirning aytishicha, Karimovning bunday qarorining ortida valyuta tanqisligi va korrupsiya elementlari turgan. Ahmedov bir bor Karimov bankirlarni qattiq siquvga olish uchun kuch tuzilmalarini yig‘ganini esladi. Yig‘ilishda ichki ishlar, Mudofaa vazirligi, prokuratura, MXX rahbarlari, shuningdek, moliya vaziri, Milliy bank va Markaziy bank rahbarlari ishtirok etgan.
Rustam Ahmedov aytishicha, banklar har kuni valyutani ayirboshlash shoxobchalari orqali xalqqa tarqatish uchun chiqargan, ammo amalda bu mablag‘lar faqat rasmiylarning yaqinlari qo‘liga tushgan. «Ular valyuta resurslarini xalqqa emas, o‘z odamlariga bergan», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Islom Karimov o‘sha uchrashuvda Milliy bank raisi Rustam Azimov va Markaziy bank rahbarini tanqid qilib, ularni «Sen o‘ylayapsanmi, men ko‘rmayman? Valyutani kimlarga berayapsan? Xuddi ko‘rmaganday mendan yashiryapsan?» deya qattiq gapirgagan.
Ahmedovning fikricha, bu holatlar xalq orasida norozilik keltirib chiqargan va valyuta tanqisligi mamlakatda jiddiy ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Rustam Ahmedov 1991-1997 yillarda O‘zbekiston mudofaa vaziri, keyinchalik favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimlarida ishlagan.





