add

«Sochim qani?» — Tramp uni maqtagan Time jurnalidan g‘azablandi

15.10.2025 | 09:0036145

AQSH prezidenti jurnal muqovasiga joylashtirilgan suratiga «eng yomon surat» deb ta’rif berdi.

«Sochim qani?» — Tramp uni maqtagan Time jurnalidan g‘azablandi
AQSH prezidenti Donald Tramp Time jurnalini uning Yaqin Sharq tinchlik kelishuvi haqidagi maqolasiga ilova qilingan muqova surati uchun tanqid qildi. Amerika rahbari bu suratni «hamma zamonlarning eng yomoni» deb atadi. «Time jurnali men haqimda nisbatan yaxshi maqola yozdi, ammo surat, ehtimol, eng yomoni bo‘lsa kerak. Ular sochlarimni o‘chirib tashlashdi, keyin boshim ustida uchib yurgan, xuddi uchib yurgan tojga o‘xshagan, lekin juda kichkina bir narsani joylashtirdilar. Rostdan ham g‘alati!», - deb yozdi Tramp seshanba kuni tongda Truth Social’da. Shuningdek, u bu tasvirni «e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan eng yomon surat» deb ta’rifladi. Dushanba kuni «Uning tantanasi» sarlavhali Time jurnali muqovasi e’lon qilindi. Unda Trampning pastdan olingan surati joylashtirilgan: prezident go‘yo yorqin quyosh nurining qarshisida turganday yuqoriga qarab turmoqda. Jurnal soni nashr «Trampning ikkinchi muddatidagi e’tiborga loyiq yutug‘i» va Yaqin Sharq uchun strategik burilish nuqtasi deb atagan hodisaga bag‘ishlangan: Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik kelishuvining birinchi bosqichi. Kelishuv natijasida G‘azoda ushlab turilgan barcha isroillik asirlar ozod qilindi va Isroildan 2000 ga yaqin falastinlik mahbuslar qo‘yib yuborildi. Trampning fikrlari dushanba kuni Tel-Aviv, Quddus va Sharm ash-Shayxga tashrif buyurganidan so‘ng bir necha soat o‘tib bildirildi. U yerda G‘azo bo‘yicha tinchlik shartnomasini imzolash jarayonini nazorat qildi. Bu rejani u shaxsan ilgari surgan bo‘lib, G‘azoda Isroil tomonidan amalga oshirilgan ikki yillik genotsidni rasman yakunladi. Trampdan tashqari, sektordagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik shartnomasiga Qatar, Misr va Turkiya rahbarlari ham imzo qo‘ydilar. Amerika yetakchisi Qatar, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniyaga G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish jarayoniga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Yaqin Sharq diplomatiyasiga yondashuvi uchun ham tanqid qilingan, ham maqtovga sazovor bo‘lgan prezidentning Time jurnali bilan uzoq va murakkab tarixi bor. Nashr uni ko‘pincha muqovaga joylashtirgan, ba’zan yuzsiz, lekin ikki marta uni Yil odami deb ham atagan.

Teglar

Mavzuga oid