
Sog‘liqni saqlash rahbarlariga qo‘shimcha maosh ustamalari belgilandi
22.05.2025 | 22:3010332
Sog‘liqni saqlash tizimidagi rahbarlar uchun tibbiyotni boshqarish sohasidagi bilimlar endilikda moddiy rag‘batlantiriladi. Prezident farmoniga muvofiq, bu yo‘nalishdagi o‘quv dasturini tamomlagan rahbarlarga maosh ustamalari to‘lanishi nazarda tutilmoqda.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman va shahar darajasidagi tibbiyot muassasalari rahbarlari uchun maxsus tibbiyotni boshqarish (menejer) bo‘yicha o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatga ega bo‘lgan rahbarlarga lavozim maoshining 100 foizi, ularning o‘rinbosarlariga 80 foizi hamda bosh hamshiralarga 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
Shuningdek, rahbar kadrlar uchun faoliyat samaradorligini baholash mezonlari — KPI ko‘rsatkichlari joriy etiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar asosida rahbarlarga yana qo‘shimcha ravishda maoshining 100 foizigacha ustama belgilanishi mumkin. Biroq, KPI natijalari bir yil mobaynida 56 foizdan past bo‘lgan rahbarlar o‘z lavozimidan ozod etiladi.
Loyiha doirasida mahalliy darajadagi tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan ro‘yxat asosida tashkilotchilik, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilib, ko‘p tarmoqli shifoxonalarga aylantiriladi.
Bu qaror tibbiyot tizimida boshqaruv sifatini oshirish va mas’uliyatli yondashuvni rag‘batlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.





