
Soliq qo‘mitasi o‘z nomidan yuborilayotgan firibgarlik xatlaridan ogohlantirdi
15.05.2025 | 12:1514342
Soliq qo‘mitasi aholini so‘nggi kunlarda elektron pochta orqali kelayotgan «soliq qarzi haqidagi» soxta xatlardan ogohlantirdi. Bayonotda ta’kidlanishicha, mazkur maktublar soliq xizmatiga hech qanday aloqasi bo‘lmagan firibgarlar tomonidan yuborilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mita fuqarolarga tegishli barcha elektron hujjatlarni faqat my.soliq.uz va my3.soliq.uz portallaridagi shaxsiy kabinet orqali taqdim etadi. Soliq qarzdorligi va hisoblangan soliqlar haqidagi ma’lumotlar aynan shu platformalarda va Soliq mobil ilovasida real vaqtda taqdim etiladi.
Fuqarolar o‘zlari biriktirilgan soliq inspektori bilan shaxsiy kabinet orqali bog‘lanishlari mumkin. Shuningdek, Soliq qo‘mitasi tasdiqlanmagan ma’lumotlar, shubhali havolalar, noma’lum fayllar va ilovalarni ochmaslikka chaqirmoqda.
Ogohlantirishga ko‘ra, firibgarlar yuborgan soxta xatlarda yuklama fayllar va havolalar orqali shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish maqsad qilingan bo‘lishi mumkin. Shu sababli, bunday maktublarga javob berishdan yoki ulardagi havolalarni bosishdan qat’iyan tiyilish lozim.
Mutasaddilar fuqarolarni faqat rasmiy manbalarga ishonishga va firibgarlik holatlari yuzasidan darhol tegishli idoralarga murojaat qilishga chaqirmoqda.





