Soliq xizmatida xodimlar daromadlarini deklaratsiya qilish joriy etilmoqda

19.02.2026 | 18:202 daqiqa

1-martdan soliq xizmati xodimlari hamda ayrim hudud aholisi sinov tartibida daromadlar bo‘yicha soliq deklaratsiyasi taqdim etadi.

Soliq xizmatida xodimlar daromadlarini deklaratsiya qilish joriy etilmoqda

Davlat soliq qo‘mitasi tizimida xodimlarning daromad va xarajatlarini deklaratsiya qilish amaliyoti joriy etilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, 1-martdan boshlab soliq xizmati xodimlari, shuningdek Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisi sinov tariqasida daromadlar bo‘yicha soliq deklaratsiyasi taqdim etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 18-fevral kuni Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Hujjat korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish, soliq organlari faoliyati shaffofligini oshirish va zamonaviy ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.

Ta’kidlanishicha, tashabbus faqat huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash, profilaktik mexanizmlarni ishga tushirish va samarali nazorat modelini shakllantirishdan iborat.

Soliq qo‘mitasi raisi taklifi bilan har bir davlat soliq xizmati xodimining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi ishlab chiqilgan. Tadbir davomida mazkur elektron platforma taqdimoti o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Hozirda Navoiy va Chirchiq shaharlarida deklaratsiya mexanizmini joriy etish bo‘yicha eksperiment amalga oshirilmoqda. Pilot loyiha natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, tizim bosqichma-bosqich respublika miqyosida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: daromad deklaratsiyasi - jismoniy shaxsning yil davomida olgan daromadlari va ushlangan soliq miqdori haqidagi hujjat bo‘lib, fuqaroning yashash joyidagi soliq inspeksiyasiga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sudya va uning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishganda, sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan edi.

Teglar

Mavzuga oid