
So‘m-dollar kurslari: koridor kengaydi, lekin barqarorlik saqlanmoqda
22.07.2025 | 16:0016223
2024 yil aprelidan keyin so‘m-dollar kursining kunlik o‘zgarish diapazoni ancha kengaygan. Biroq, shunga qaramay, milliy valyuta iyul oyida ham barqarorlikni saqlab qolmoqda.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, aprel oyigacha so‘mning kunlik o‘zgarishi 25 so‘mdan oshib ketmagan bo‘lsa, apreldan so‘ng bu cheklov doimiy ravishda buzila boshladi. Ushbu holat Xalqaro valyuta jamg‘armasining milliy valyuta kursini erkinlashtirishga doir tavsiyalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, so‘mning dollarga nisbatan umumiy barqarorligi ham qayd etilmoqda. Joriy yil iyul oyida so‘m biroz mustahkamlanib, oylik o‘sish 0,05 foizni tashkil etdi. Yanvar oyiga nisbatan esa 2,4 foizlik mustahkamlanish kuzatildi.
So‘mning barqarorligiga bir nechta omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. Birinchidan, dollarning global pasayishi va jahon bozorida oltin narxining oshib borishi eksport hajmini oshirdi. Ikkinchidan, Rossiya rublining mustahkamlanishi fonida pul o‘tkazmalari ham kutilganidan yuqori sur’atda o‘sdi.
Uchinchidan, investitsiya oqimlari ham so‘mga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, 2024 yilning birinchi choragida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi ikki barobar oshdi. Bu esa valyuta bozoridagi talab va taklif muvozanatini saqlashga yordam berdi.
Natijada, kursdagi texnik tebranishlar kuchayganiga qaramasdan, umumiy barqarorlik saqlanmoqda. Ekspertlarning fikricha, bu tendensiya so‘mning bozor sharoitida erkin harakatlanayotganidan dalolat beradi.





